Dehqonobod tumanida “Xalqlar do‘stligi kuni” keng nishonlandi

O‘zbekiston xalqining azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va millatlararo totuvlik bugun mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Turli millat va elat vakillarining hamjihatlikda yashashi, o‘z madaniyati va an’analarini erkin namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 30-iyul sanasining “Xalqlar do‘stligi kuni” bayrami sifatida nishonlanayotgani yurtdoshlarimiz orasida o‘zaro do‘stlik, mehr-oqibat va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.

Shu munosabat bilan joriy yil 29-iyul kuni Dehqonobod tumanidagi 5-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Sherzod Shokirov ishtirok etib, yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ sana bilan tabrikladi. U o‘z nutqida yurtimizda inson qadr-qimmati, millatlararo totuvlik va do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi hamda musiqa va san’at maktabi ijodkorlari tomonidan turli millatlarga mansub xalq qo‘shiqlari va kuylar ijro etilib, tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Har bir chiqish o‘ziga xosligi va samimiy ruhda bajarilgani bilan e’tiborga molik bo‘ldi.

Bayram tadbiri yakunida Tojik milliy madaniyat markazining Dehqonobod tuman bo‘limi rahbari Karim bobo Toshqulovga, shuningdek, markaz faoliyatiga yaqindan ko‘maklashib kelayotgan bir guruh faol ishtirokchilarga tuman hokimligi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu kabi tadbirlar xalqimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, yoshlarda bag‘rikenglik, milliy g‘urur va totuvlik g‘oyalarini yanada chuqur singdirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

30 Iyul 2025
  • 0
  • 0

Add Comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *